So'z boshi
Non
Somsa
Yaxna ovqatlar
Suyuq ovqatlar
Lag'monlar
Quyuq ovqatlar
Palovlar
Manti
Qovurmalar
Do'lmalar
Dimlamalar
Все о погоде - Pogoda.uz
 
 
 

Manti


Xamirni qattiqroq qilib qorasiz, zuvala qilib sochiqqa o'rab 15minutcha tindirganingizdan keyin yana bir bor mushtlab pishitib undan keyin o'qlov yordamida yupqa qilib yoyasiz. Yoymadan 10x10 sm hajmli jildlar kesasiz. Yoki xamirdan yong'ok, kattaligida zuvalachalar uzib olib, har birini alohida - alohida juva bilan tugarak qilib yoyasiz: qalinligi 2 mm bo'lsin. Har bir jildga ketganicha qiyma solib manti tugasiz. Qiymasini tayyorlash: Yog'li qo'y go'shtidan olib, o'tkir pichoq bilan chumchuq tili qilib to'g'raysiz, yog'ini sal yirikroq, dumba yog'i bo'lsa 1x1x1 sm kubik qilib, charvi yog'ini esa bodom kattaligida to'g'raysiz. Halqa - halqa qilib to'g'ralgan piyozni taxta ustiga qo'yib chopib yuborasiz. Shunday qilganda piyoz bir joyda to'planib qolmay qiyma ichida bir tekis tarqaladi. Bunga tuz, murch va zira qo'shib, yaxshilab mijiysiz. Qiymangiz sellikkina chiqsin desangiz picha suv sevalab, aralashtiring. (Muljallangan tuzni sovuq choyda namakob qilib sevalasangiz yana ham yaxshi). Tugilgan mantilarni qasqonning yog'langan lappaklariga bir - biriga tegmaydigan qilib terasiz. Bugda pishish muddati 40 - 45 minut. Dasturxonga tortishda barmoqlaringizni sovuq suvga botirib issiq mantilarni - olasiz va laganlarga terasiz. Alohida idishda porsiyalab berishingiz ham mumkin, yuziga qatiq sevalaysiz, alohida idishda uzum sirkasi keltirib qo'yasiz. Masalliq: hamiri uchun 500 gr oq un, 1 dona tuxum, 0,5 stakan iliq suv, 1 choy qoshig'ida tuz; qiymasi uchun 1 kg suy go'shtining lahimi, 100 gr dumba yog'i yoki 150 gr charvi, 500 gr piyoz, 1 choy qoshig'ida murch va shuncha zira olinadi. Tuz 0,5 stakan sovuq choyda namakob qilib sevalanadi. ESLATMA: a) yaqin terilgan mantilar pishganda semirib bir - biriga yopishib qoladi; b) lappak yog'lanmasa manti ostining ko'chishi qiyin bo'ladi, shakli buzilib, titilib ketadi; c) suvi qaynamasdan oldin quyilganda xamiri lapakka yopishib qoladi; d) suvi qaynagach, tuz sepish kerak, shunda bug'ning harorati kuchliroq bo'ladi.

Qovurma manti


Ushbu mantining xamirini ham, qiymasini ham xuddi yuqorida aytilgandek qlib tayyorlaysiz. Faqat tugishda shu narsaga e`tibor beringki, xamirining choki qiymaning seli chiqib ketmaydigan qilib yopishtirilsin. Qovurganda qiymaning seli chiqib tursa - o'xshamaydi. Xamiri naq tuxumda qorilib, bir oz qalinrok, (3 mm) qilib yoyiladi. Tugilgan mantilar frityurda xuddi urama, qovurma chuchvara, zangza kabi ko'p yog'da qovuriladi. Buning uchun normada kursatilgan yog'ni yaxshilab, to oq tutun chiqquncha dog'laganingizdan so'ng olovni pastlatasiz, tobini chiqarib xom mantilarni ikki - uch donadan solib bamisoli varaqi somsa kabi qovurib, chovlida suzib olaberasiz. Bunda mantilarning xamiri kavrak qizg'ish bo'1lib qovuriladi - yu, biroq qiymasi pishmaydi. Shuning uchun qozon yoki kastryulkaning ostiga likopcha qo'yib qovurilgan mantilarni bir - biri ustiga terib chiqasiz, ustiga yana bitta likopcha to'ntarib, orasiga qaynab turgan suvdan quyib, sust olovga qo'ying, mantining ichidagi qiymasi ana shunday hosil bo'lgan bug'da pishadi. Pishish muddati 20 -25 minut. Dasturxonga laganga suzib, yuziga uzum sirkasi sevalab tortiladi. Buni o'zi qaynagan sho'rvasi bilan berish ham mumkin, u holda kosalarga 2 - 4 donadan manti solib, har bir mantiga bir - ikki osh qoshig'i hisobida sho'rvasidan quyib keltiriladi, alohida idishda esa qatiq beriladi. Masalliq: xamiri uchun 500 gr oq un, 2 dona tuxum, 1 choy qoshiqda tuz olinadi; qiymasi uchun 1 kg yog'liq qo'y go'shtining lahimi, 500 gr piyoz, 1 choy qoshig'ida murch, shuncha zira va shuncha tuz kerak bo'ladi; frityur uchun 1 kg paxta yoki qo'y yog'i dog'lanadi.

Suv manti


Tog'orachaga tuxumni chaqib iliq sut bilan ko'piklashib bir xil massa holatiga kelgunicha iylang, tuz solib eriting. Ana shu suyuqlikka qisim - qisimlab un solib, qattiqqina xamir qorib 10 - 15 minut sochiqa o'rab tindirib qo'ying. Endi xamirni yana bir mushtlab, undan yong'oqdek keladigan zuvalalar uzib, juva yordamida qalinligini 3 mm qilib taqsimchasimon jildlar yoying. Qo'y go'shtining yog'liq va lahim qismidan olib chumchuq tili qilib to'g'rang, bunga chopilgan piyoz, tuz, murch va zira qo'shib mijiysiz. Har bir jildga bir siqim qiymadan solib yumaloq shaklda mantilar tugasiz. O'nta - o'nta mantini chovliga solib qaynatma sho'rvada pishirib laganga suzasiz, yoki 2 - 4 donadan qilib kosalarga solib sho'rva bilan birga dasturxonga tortasiz. Yuziga qirqilgan oshko'k seping, alohida idishda qatiq yoki sirka bering. Masalliq: xamiri uchun 500 gr oq un, 1 dona tuxum, 0,5 stakan sut, 1 choy qoshig'ida tuz olinadi; qiymasi uchun 1 kg yog'liroq qo'y go'shtining lahimi, 600 gr piyoz, 100 gr charvi yog', 1 choy qoshig'ida zira, shuncha murch va shuncha tuz kerak bo'ladi. Yuziga: 1 bog kashnich va 1 piyola qatiq olinadi.

Yaxlit manti


Tuxum chaqib qattiqqina xamir qoriladi, 10 - 12 minut tindirilgach, yong'oqdek zuvalachalar uzib likopchaday qilib yoyiladi. Har bir yoymaga kabob uchun sirkalangan 2 - 3 bo'lak go'sht va 1 bo'lak yog' hamda mayin to'g'ralgan piyoz solib, turt burchak shaklida mantilar tugiladi. Mantiqasqon lappaklari yog'langach, mantilarni terib 40 - 45 minut davomida pishiriladi. Mabodo ko'nglingiz shunday manti yeyishni tusasa go'sht sirkalash usulini kabob uchun go'sht tayyorlash usulida o'rganib olasiz. Lagandagi tayyor mantilarning yuziga qirqilgan ko'k piyoz sepib, qatiq sevalanadi va dasturxonga keltiriladi. Masalliq: xamiri uchun 500 gr oq un, 1 dona tuxum, 0,5 stakan iliq suv, 1 choy qoshig'ida tuz olinadi; to'lmasi uchun 1 kg lahim go'sht, 300 gr yog', 3 - 4 bosh piyoz, 1 choy qoshig'ida zira, 1 choy qoshig'ida tuz, 1 choy qoshig'ida kashnich urug'i, shuncha tuz, 1 stakan anor sharbato yoki pomidor sharbati, bo'lmasa mineral suv.

Kartdumba manti


Xamirturishni iliq suvda eritib tuz solasiz va unini qisim-qisimlab solib xamir qorasiz, oshirish uchun issiq o'rab qo'yasiz Oshgan xamirni yana bir bor mushtlab pishitib ,yong'oqday keladigan zuvalachalar uzib olasiz va har birini juva yordamida 3mm qalinlikda yoyasizda ,urvoq sepib, o'rab qo'yasiz . To'lmasi bunday tayorlanadi:dumba yog'idan olib 1?1?1 sm kubik shaklida to'g'raysiz ,bunga xovonchada shakar holatiga keltirib tuygan novvotingizni aralashtirib yuborasiz .Ana shu tulmalardan har bir jildga keragicha solib oval yoki yumaloq shaklida mantilar tugasiz va bug'lab pishirasiz .Pishish mudati 40-45 minut .Laganga terib yoki har bir xuranda uchun aloxida likobchalarga 2-4 donadan solib dasturxonga keltirasiz . Masalliq:xamiri uchun 500gr oq un,30gr xamirturush, 0,5 stakan iliq suv , bir choy qoshig'ida tuz olinadi; to'lmasi uchun 1kg dumba yog'i , 300gr novvot kerak bo'ladi.

Andijon mantisi


Xamirini qattiqina qorib zuvala qilib hul sochiqqa o'rab 10-15minut tindirib quyganingizdan keyin 150 grammli ,ya'ni olmadek keladigan bo'laklar yib olib jo'va bilan yoysangiz ,likob kattaligidagi jild hosil bo'ladi. Har bir jildga 250-300 grammcha qiyma solib yumaloq shaklda tugiladi. Qiymasini tayyorlash uchun yog'liq qo'y go'shtidan olib chopiladi yoki yaxshisi o'tkir pichoq bilan chumchuq tili'qilib to'g'rang .Bunga chopilgan piyoz ,xom tuxum ,tuz ,murch qo'shib yaxshilab mijiysiz . Tugilagn mantilarni lappagi yog'langan qasqonga qo'yib 1 soat davomida bug'lab pishirasiz . Dasturxonga tortishda har bir xo'randa uchun bir donadan mantini alohida lokopchada yoki kosaga solib , picha sho'rva quyib ,yuziga qatiq va qirqilgan ukrop sepib berasiz .Alohida idishda uzum sirkasi qo'ying. Masalliq:xamiri uchun 500 gr oq un ,1 dona tuxum ,0,5 stakan iliq suv ,1 choy qoshig'ida tuz olinadi; qiymasi uchun 1 kg yog'li qo'y go'shti ,500 gr piyoz ,1 dona tuxum ,murch va tuz ta'bga ko'ra ishlatiladi.

Ochiq manti


Yog'siz qatiqni iylab ,qisimlab un va choy sodasi qo'shib yoki xamirturushli xamir qoriladi. Xamirni yong'oqdan kattaroq zuvalachalarga bo'lib ,qo'lda yoki juva yordamida bir oz qalinroq (4mm) qilib yoyasiz. Har bir yoymaga 1 osh qoshiqdan qiyma solib ruscha vatrushka yoki tatarcha paramachga o'xshatib tugasiz o'rtasida 5 tiyinlik chaqa kattalikda teshik qoldiriladi. Qiymasi bunday tayyorlanadi:qo'y go'shti va mol go'shtidan tengma -teng olib ,yirik ko'zli qiymalagichda o'tkazasiz, qiymaga mayin, xalqa-xalqa qilib to'g'ralgan piyoz ham tuxum, murch, tuz, qushib yaxshilab mijiysiz. Maxsulotni mantiqasqonning yog'langan lapaklariga terib 35-40 minut davomida bug'lab pishirasiz.Pishishiga 5 minut qolganda mantilarning ochiq joyiga 0,5 choy qoshiqda sariyog' solib chiqasiz.Har bir xo'randa uchun to'rt donadan qilib likobga solib yoki laganda dasturxonga tortasiz uzum sirkasi alohida idishda beriladi yoki mantilarning ochiq qoldirilgan joyiga bir necha tomchi tomizib uzatiladi. Masalliq: xamiri uchun 500 gr oq un ,20 gr xamirturush, bir stakan iliq suv, yarim choy qoshiqda tuz, yoki 500 gr unga 1,3 stakan qatiq, 0,5 kg qo'y go'shti, 0,5 kg mol go'shti, 1 dona tuxum, 0,5 kg piyoz, 1 choy qoshiqda tuz va murch kerak bo'ladi.

Oshqovoq manti


Boshqa mantilarda aytilgandek qilib xamir qorasiz va yoyasiz Tlmasini tayyorlash:Istalgan oshqovoq navidan, faqat yaxshi pishganini tanlab ilasiz.Tanlash uchun qovoqning sirtiga tirnoq urub ko'rmoq kerak, agar qattiq, tirnoq o'tmaydigan bo'lsa ana shu qovoqni yaxshi pishgan deb bilvering.Buni yorib urug'larini olib tashlab, qirsangiz ham bo'ladi, yaxshisi no'xatcha' qilib to'g'rang shunda foydali sharvati chiqib ketmaydi. Oshqovoqqa halqa qilib qo'shasiz.Agar oshqovoq unchalik shirin bo'lmasa picha shakar sepishingiz mumkin.Tulmaga tuz-qalampir(murch) qo'shib aralashtirasiz-da, tayyorlab qo'yilgan jildlarga ana shu tulmadan ketganicha solib oval shaklda bo'lgan mantilar tugasiz.Maxsulotni lappaklari yog'langan qasqonga terib 30-40 minut davomida bug'lab pishirasiz. Taomni laganga solib, yuziga surtish ushun sariyog' yoki qaymoq bilan birga dasturxonga tortasiz. Masalliq: xamir uchun 500 gr oq un, 1 dona tuxum, 0,5 stakan suv, 1 choy qoshiq tuz olinadi:to'lmasi uchun 1kg tozzalangan oshqovoq, 4-5 dona bosh piyoz, 1 stakan jizza yoki 100 gr charvi yog', 1 choy qoshiqda tuz, 1 choy qoshiqda murch(tuyilgan qalampir) kerak bo'ladi:yuziga surtish uchun 100 gr sariyog' yoki 1 piyoladi qaymoq kerak bo'ladi.
 
 
 
© G'&Sh
Hosted by uCoz