So'z boshi
Non
Somsa
Yaxna ovqatlar
Suyuq ovqatlar
Lag'monlar
Quyuq ovqatlar
Palovlar
Manti
Qovurmalar
Do'lmalar
Dimlamalar
Все о погоде - Pogoda.uz
 
 
 

Cho`zma lag`mon


Qattiq-yumshoqligini o'rtacha qilib xamir qorasiz, zuvala qilib sochiqqa o'rab 10-12 minut tindirib qo'yasiz.Shundan so'ng xamirga tuz va soda eritmasi surtasiz(buning uchun 1 choy qoshiqda tuz va 0,5 choy qoshiqda olingan sodani 0,5 stakan suvga eritiladi) shunday eritmada qo'lni namlab xamirni mushtlaysiz, toki bu namlik xamir bag'riga singib ketsin.So'ngra xamirdan yong'oqday-yong'oqday zuvalachlar yasab, har bir zuvalachani taxta ustiga qo'yib kaft bilan dumalatib armoq kattaligidagi piltalar yasaymiz.Piltalarni likopchga terib bir-biriga yopishib ketmasligi uchun ustiga o'simlik yog'i surtasiz.Xamirga singitilgan tuz soda eritmasi va ustiga surtilgan usimlik moyi xamirning cho'ziluvchanligini taminlaydi. Ana endi har bir piltani ikki uchidan ushlab taxtachaga urub-urub tortsangiz uzun va ingichka arg'amchi hosil bo'ladi,cho'zmani ikki buklab yana taxtachaga urub cho'zsangiz, 4 qavatdan iborat ingichka vermishelsimon holatga keladi.Hamma xamirni ana shu taxlit cho'zib bo'lgach, qaynab turgan tuzli suvga solib pishirasiz. Yuziga qalqib chiqqanda chovli bilan suzib olib 2-3 marta sovuq suv bilan chayqab yuborsangiz, yuzigab surkalgan yog'I ketib xamir dirkillab qoladi va bir-biriga yopishmaydi. Va (qaylasi) bunday tayyorlanadi: qozonda yog'ini dog'lab piyoz solib jazlaysiz, uncha qizarib ketmay turib maydi, chumchuq tili' qilib to'g'ralgan go'shtni solasiz, kavlab qoyurib tursangiz seli chiqadi, ana shunda halqa qilib to'g'ralgan chuchuk garimdori, kubik (1?1?1 sm) shaklida to'g'talgan sabzi, somoncha to'g'ralgan turp (rediska), shpalcha to'g'ralgan baqlajon, qirqilgan karam, jandu,jusay, seldir va sarimsoq ko'kidan solib qozondagi masaliqning yuzidan biroz oshirib suv quyib 1 soat davomida mildiratib qaynatasiz, so'ng tuzini rostlaysiz. Agar sarimsoq ko'ki bo'masa sarimsoq donalarini mayda to'g'rab piyoz bilan birga yog'da jazlasangiz ham qaylasiga solib qaynatsangiz ham bo'ladi.Sirasini aytganda,cho'zma lag'mon sarimsoq bilan juda kelishadi. Dasturxonga tortishda kosalarga xamirdan yarim-yarim solib, ustiga qaynoq qayla quyib keltirasiz.Alohida idishda lozijon, uzum sirkasi va murch beriladi. Lag'mon yeb bo'lingandan keyin xo'randalarning xohishlariga qarab, xamir qaynatilgan suvdan piyolalarga quyib, qaylaning yog'idan biroz qo'shib qatiqlab keltirasiz. Mana shu myatangning fiziologik ahamiyati katta bo'lib, og'ir ovqatning tez hazmlanishiga yordam beradi. Masalliq: xamiri uchun 500 gr un , 1 dona tuxum, 0,5 stakan iliq suv, 1 choy qoshig'ida tuz olinadi;qaylasi uchun 500 gr go'sht, 300 gr yog', 3-4 bosh piyoz, o'rtacha kattalikdagi 1 dona turp, 2 dona sabzi, 1 dona baqalajon, 300 gr karam, 3-4 dona chuchuk garimdori, yarim bog'lamdan jusay ,jandu, seldir va sarimsoq ko'ki, tuz esa ta'bga ko'ra solinadi.Lag'mon bilan qo'shib beriladigan sirka, lozijon va murch xo'randaning talabiga binoan ishlatiladi.

Kesma lag`mon


Bunday lag'mon Farg'ona vodiysida ko'p tayyorlanadi. Kesma lag'monni 1956 yili Andijonning Xartum qishlig'ida istoqomat qiluvchi Karomat opadan o'rganib so'ng tiklaganman. Xuddi chuchvaranikiga tayyorlagandek qilib xamir qorasiz, tindirib, so'ng o'qlov yordamida 2-3 mm qilib yoyasiz.Yoymani yopishib ketmasligi uchun urvoqqa belab taxlaysiz va eni 4-5 mm keladigan uzun-uzun tasmalar kesasiz, shu tasmalarni qaynab turgan tuzli suvga solib pishirasiz, yuziga qalqib chiqqanda chovlida suzib olib, sovuq suvda 2-3 bor chayqab yuborganingizdan so'ng sirqitib qo'yasiz. Qaylasi bunday tayyorlanadi:piyozni halqa-halqa, go'shtni bodom kattaligida lo'nda-lo'nda qilib, pamidorni tilik-tilik, kartoshkani o'rta(1, 5x1, 5x1, 5 sm), turpni kichik(0, 5x0, 5x0, 5 sm) kubik shaklida to'g'rysiz, karam, chuchuk garimdiri va sarimsoqni mayda choping. Qozonda yog'ni dog'lab piyoz tashlaysiz, uncha qizarmasdan turib go'shtni soling seli chqa boshlaganda sarimsoq bilan pamidorni solib to pomidor ezilib seli chiqquncha jazlaysiz.Qishda pomidor o'rniga tomat ishlatiladi.So'ngra turp, chuchuk garimdori va karamni solib, kavlab chala pishguncha jazlayaizda, bir oz suv quyib sust olovda mildiratib, barcha masalliq to'la yumshaguncha qaynatasiz.Agar suvi bug'lanib ketsa bir oz issiq suv qo'shamiz. Tuzini rostlab qalampir sepasiz qayla juda ham suyuq yoki o'ta quyuq emas, o'rtacha bo'lishiga e'tibor bering. Dasturxonga tortishda tayyor ugrani qaynoq suvga piship ilitib olgach, laganga bir qavat qilib solasiz,ikkinchi qavatiga qayladan soling, ustidan uchinchi qavat yana ugra solib, tepasi-turtinchi qavatiga yana qayla solasiz, chopilgan osh ko'klardan sepib keltirasiz.Alohida idishda uzum sirkasi qo'yiladi.Alohida piyolalarda xamir qaynatilgan suvga qatiq qo'shib keltirasiz. Masalliq:xamir uchun 500 gr oq un, bir dona tuxum, 0,5 stakan iliq suv, 0,5 choy qoshiq tuz kerak bo'ladi;qaylasi uchun 300 gr go'sht (laxim qismi) 2 bosh piyoz, 2 dona kartoshka, 1 dona turp, 3-4 dona pomidor(yoki 2 osh qoshiq tomat), 2-3 dona chuchuk garimdori , 200 gr karam,bir bosh sarimsoq ,200 gr yog', tuz va ziravorlar ta'bga ko'ra olinadi.

Shivit oshi


Yangi o'rilgan shivit (ukrop)ni sovuq suvda yuvib yuborganingizdan so'ng mayda qirqib sirlangan kastryulkaga yoki sopol mundiga solasiz, ustidan sharaqlab qaynab turgan suvni quyib choy kabi damlaysiz. Idishning qopqog'ini jips yopib to sovuguncha olib qo'yasiz.So'ngra shivitni siqib, damlamasini dokaga suzasiz .Unni qisimlab-qisimlab qo'shib xamirni qattiqqina qilib ana shu damlamada qoring. Sochiqqa o'rab 10-15 minut tindirganingizdan so'ng yana bir mushtlab o'qlov bilan yupqa qilib yoyasiz. Yoymani taxlab eni 1 sm keladigan uzun tasmalar ugra kesasiz.Ugrani qaynab turgan tuzli suvda pishirib olib, chovliga solib, sovuq suvda chayqab yuborganingizdan so'ng suvini sirqitib qo'ying. Qaylasini tayyorlash uchun go'shtni mayda chumchuq tili qilib to'g'rang yoki yirik qizil go'sht qiymalagichdan o'tkazsangiz ham bo'ladi, piyozni odatdagidek halqa yoki yirik halqa qilib to'g'raysiz .Pomidorni parrak-parrak, kartoshkani o'rtacha kubik shaklida to'g'rab, shivitni siqib, olingan tulpidan ham bir hovuchcha olasiz . Qozonga yog' solib dog'lagach, piyozni tashlang, bir-ikki aralashtiriboq , go'sht(qiyma)ni qo'shib pomidor va kartoshka bilan birga chala qovurib shivit damlamasidan va tulpidan solib, juda sust olovda 40-45 minut mildiratib qo'yasiz, tuzini rostlaysiz. Xamirni qaynoq suv quyib isitib, kosalarga yarim-yarim solasiz-da, ustidan qayla quyib dasturxonga keltirasiz.Qo'shib iste'mol etish uchun alohida idishda iylahgan suzma yoki qatiq berasiz. Masalliq: xamiri uchun 500 gr oq un,1 choy qoshiqda tuz, 500gr shivitdan olingan 1 stakan damlama;qaylasi uchun 400 gr go'sht, 150 gr sariyog', 2-3 bosh piyoz, 3-4 dona pomidor, 2 dona kartoshka, ta'bga qarab tuz va 1 litrcha shivit damlamasi bilan 1 hovuch tulpi kerak bo'ladi.

Ipak lag`mon


Tuxumni iylab, qisim-qisimlab un solib qattiqqina xamir qorasiz, juvala qilib sochiqqa o'rab 10-12 minut tindirib olganingizdan so'ng o'qlov yordamida juda nafis, bamisoli qog'ozday qilib yoyasiz.Nafis yoymaning yuziga urvoq sepib o'qlovga o'raysiz-da, o'qlovni sug'urib olib, hosil bo'lgan xamir ro'londan o'tkir pichoq bilan juda nafis-ipak taxlit ugra kesasiz, qaynab turgan tuzli suvga solib bir minutcha qaynatib, chovlida suzib olasiz.Mayin ugrani sovuq suvda 2-3 marta chayqab yuborgach, dog'lab sovutilgan paxta yog'i sevalab asta aralashtirsangiz, dirkillab bir-biriga yopishmaydigan bo'lib qoladi. Qaylasi bunday tayyorlanadi:piyoz bilan sarimsoqni mayin halqa qilib to'g'rab go'shtni qiymalaysiz.Chuchuk garimdori, seldir va ukropni qirqasiz, pomidorni tilik-tilik qilib, aechilgan baqalajonni esa somoncha usilida to'g'rang. Qozonda yog'ni dog'lab, piyoz bilan sarimsoqni solib jazlaysiz, va qiymani solib aralashtirib tursangiz seli chiqadi.Shunda baqalajon, pomidor, chuchuk garimdori va ukropni solib qozonni qopqog'ini yopib masalliqni o'z seliga damlab pishirasiz, muddati 30-35 minut, vaqt-vaqti bilan kovlab turing, so'ng tuzini rostlab murch sepasiz. Kubik qilib to'g'ralgan sabzini lovya bilan birga boshqa idishda qaynatib olasiz. Dasturxonga tortishda laganga mayin ugradan bir qatlam yoyasiz, o'rtasiga ancha quyuq bo'lib pishgan qaylamani solib, yuziga qaynatilgan sabzi bo'laklari bilan lovyani soasiz. Masalliq:Xamiri uchun 500 gr oq un, 4 dona tuxum, bir choy qoshig'ida tuz olinadi; qiymasi uchun 400 gr qo'y go'shti, 200 gr qo'y yog'i, 2 bosh piyoz, 5-6 parrak sarimsoq, 2 dona chuchuk qalampir, 3-4 dona pomidor, 1 dona sabzi, 1 dona o'rtacha kattalikdagi baqalajon, 0,5 bog'lamdan seldir va ukrop, 50 gr loviya, tuz va murch ta'bga qarab olinadi.

Guruch lag`mon


Guruchni tozalab, 5 6 martaba yuvib, qaynab turgan suvga solib pishirasiz. Guruch bo'rtgach, ortiqcha suvini olib tashlab damlab qo'yasiz. Boshqa qozonda qaylasini tayyorlaysiz. Buning uchun doglangan yog'da tug'ralgan piyoz bilan sarimsoqni jazlaysiz, uncha qizarib ketmasdan turib, mayda chumchuq tili qilib tug'ralgan yoki qiymalangan go'sht solib, aralashtirib turasiz, seli chiqa boshlaganda tug'ralgan pomidor va chuchuk garimdori qo'shasiz, pomidor ezilganda somoncha qilib to'g'ralgan sabzi, turp (rediska), karam hamda qirqilgan seldir va ukropni qavatlab solib, masalliqning yuzidan bir oz ortib turarli darajada suv quyib, olovini pastlatib bir soatcha mildiratib qaynatasiz. Tuz va qalampirni ta`bga ko'ra solasiz. Ushbu qaylaga yana jandu loviyasining dumbulini olib qo'zoqlarining puchog'i bilan tug'rab solsangiz taom yanada totli chiqadi. Kosalarga pishirilgan guruchdan yarim-yarim solasiz, ustidan issiq qaylani quyib dasturxonga tortasiz. Alohida idishlarda uzum sirkasi va lozijon keltirasiz. Masalliq: 600 gr guruch (1 litr tuzli suvda pishiriladi), 300 gr go'sht (lahim qismi), 150 gr yog', 2 bosh piyoz, 1 bosh sarimsoq, 1 dona sabzi, 1 dona o'rtacha kattalikdagi turp (yoki 1\2 bog rediska), 2 3 dona pomidor, 2 dona chuchuk qalampir, 200 gr karam, yarim bog seldir, yarim bor ukrop, 1 bog jandu loviyasi kerak bo'ladi. Tuz. sirka, qalampir va lozijon talabga ko'ra olinadi.
 
 
 
© G'&Sh
Hosted by uCoz